Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 45-modda. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar

Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini qabul qilguniga qadar, agar ish ushbu shaxslarning taraflardan biriga nisbatan huquqlari yoki majburiyatlariga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, arizachi yoxud javobgar tarafida ishga kirishishi mumkin. Ular tarafning iltimosnomasi bilan yoki sudning tashabbusi bilan ham ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar tarafning protsessual huquqlaridan foydalanadi va uning protsessual majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi, bundan arz qilingan talabning asosini yoki predmetini oʻzgartirish, talabdan voz kechish, arz qilingan talabni tan olish yoxud kelishuv bitimi tuzish, sud hujjatining majburiy ijro etilishini talab qilish huquqi mustasno. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxsni ishda ishtirok etishga jalb qilish haqida yoki uni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Agar nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs ishga sud muhokamasi boshlanganidan keyin kirishsa, ishni koʻrish boshidan boshlanadi.