Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 69-modda. Dalillarni ular turgan joyda koʻzdan kechirish va tekshirish

Sudga olib kelish imkoniyati boʻlmagan yoki olib kelinishi qiyin boʻlgan dalillarni, shuningdek tez buziladigan ashyoviy dalillarni sud ular turgan joyda koʻzdan kechirishi va tekshirishi mumkin. Dalillarni ular turgan joyda koʻzdan kechirish va tekshirish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Zarur hollarda, dalillarni koʻzdan kechirish va tekshirishda ishtirok etish uchun odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslar chaqirilishi mumkin. Tez buziladigan ashyoviy dalillar ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilmasdan sud tomonidan darhol koʻzdan kechirilishi va tekshirilishi mumkin. Ashyoviy, yozma va raqamli dalillarni ular turgan joyda bevosita koʻzdan kechirish va tekshirish jarayonida ushbu Kodeksning 175-moddasida belgilangan tartibda sud tomonidan bayonnoma tuziladi. Dalillarni mustahkamlash uchun bayonnoma tuzish bilan birga audio-, videoyozuvga olish, fotosuratga tushirish, koʻchirma nusxalar, rejalar, chizmalar tayyorlash va axborotni aks ettirishning boshqa usullari qoʻllanilishi mumkin. Dalillarni mustahkamlashning bunday usuli qoʻllanilganligi bayonnomada aks ettiriladi, maʼlumotlarni aks ettiruvchi materiallar bayonnomaga ilova qilinadi.