Ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan elektron maʼlumotlar, shu jumladan elektron tarzdagi fayllar, audio-, videoyozuvlar, Internet jahon axborot tarmogʻida saqlanayotgan maʼlumotlar, shuningdek boshqa elektron maʼlumotlar raqamli dalillardir. Raqamli dalildan koʻchirma nusxa olishga, basharti uning yaxlitligi va aynan oʻxshashligi saqlansa, yoʻl qoʻyiladi. Raqamli dalildan koʻchirma nusxa olishga yoʻl qoʻyilishi oʻzidan mazkur koʻchirma nusxa olingan raqamli dalilning asli mavjudligi bilan taʼminlanadi, bundan notarius tomonidan tasdiqlangan raqamli dalillar mustasno. Ishda ishtirok etuvchi taraflar, guvohlar va boshqa shaxslar raqamli dalillarning koʻchirma nusxalarini qogʻozda chop etilgan shaklda taqdim etish huquqiga ega. Bunda raqamli dalilning qogʻozdagi shakli yozma dalil deb hisoblanishi mumkin emas, bundan notarius tomonidan tasdiqlangan raqamli dalil mustasno. Sud jarayonida tuzilgan protsessual bayonnomalarga ilova qilingan, elektron maʼlumotlar tarzida shakllantirilgan audio- va videoyozuvlar ham raqamli dalillar hisoblanadi. Raqamli dalilning koʻchirma nusxasi ish materiallari bilan birga saqlanadi.