Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 92-modda. Dastlabki himoya choralarini koʻrish asoslari

Ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi boʻyicha sud, agar: 1) maʼmuriy ishni koʻrish yakuni boʻyicha chiqariladigan sud hujjati qabul qilinguniga qadar arizachining yoki manfaatlarini koʻzlab ariza berilgan shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishining aniq xavfi mavjud boʻlsa; 2) arizachining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini bunday choralarni koʻrmasdan turib himoya qilish mumkin boʻlmasa yoki qiyin boʻlsa, dastlabki himoya choralarini koʻrishi mumkin. Maʼmuriy organning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining va ular mansabdor shaxslarining qonunchilikka muvofiq boʻlmagan hamda fuqarolarning yoki yuridik shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talabni koʻrib chiqishda sud arizachining arizasiga koʻra dastlabki himoya choralarini koʻrishi shart. Dastlabki himoya choralarini koʻrishga maʼmuriy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida yoʻl qoʻyiladi.