Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 98-modda. Dastlabki himoya choralarini bekor qilish

Dastlabki himoya choralari ishni koʻrayotgan sud tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga koʻra bekor qilinishi mumkin. Dastlabki himoya choralarini bekor qilish toʻgʻrisidagi masala sud majlisida hal qilinadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar majlisning vaqti va joyi toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Biroq ularning kelmaganligi dastlabki himoya choralarini bekor qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi. Dastlabki himoya choralarini bekor qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi. Ajrimning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u chiqarilgan kundan keyingi kundan kechiktirmasdan yuboriladi. Ariza (shikoyat) qanoatlantirilgan taqdirda, dastlabki himoya choralari sud hujjati amalda ijro etilguniga qadar oʻz kuchini saqlaydi. Arizani (shikoyatni) qanoatlantirish rad etilgan, ariza (shikoyat) koʻrmasdan qoldirilgan, ish yuritish tugatilgan hollarda, dastlabki himoya choralari tegishli sud qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar oʻz kuchini saqlaydi. Biroq sud koʻrsatilgan hujjatlarni qabul qilish bilan bir vaqtda yoki ular qabul qilinganidan keyin dastlabki himoya choralarini bekor qilish haqida ajrim chiqarishi mumkin. Dastlabki himoya choralarini bekor qilish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.