Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 23-modda. Maʼmuriy ish yuritishda vakillik

Yuridik shaxslar maʼmuriy ish yuritishda qonunchilikda, taʼsis hujjatlarida yoki qonunga muvofiq berilgan va rasmiylashtirilgan ishonchnomada belgilangan vakolatlari doirasida harakat qiluvchi oʻz vakillari orqali ishtirok etadi. Jismoniy shaxslar maʼmuriy ish yuritishda bevosita yoki oʻz vakillari orqali ishtirok etishi mumkin, bundan qonunchilikda ularning shaxsan ishtirok etishi zarurligi nazarda tutilgan hollar mustasno. Vakilning ishtirok etishi jismoniy shaxsni maʼmuriy ish yuritishda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum qilmaydi. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda vakilning vakolatlari qonunga muvofiq berilgan va rasmiylashtirilgan ishonchnomada bayon etilishi kerak. Manfaatdor shaxsning vakili maʼmuriy ish yuritishga taalluqli barcha harakatlarni oʻzi vakillik qilayotgan shaxs nomidan bajarishga vakolatlidir, shuningdek, agar qonunda yoki uning vakolatini tasdiqlovchi hujjatda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, maʼmuriy ish yuritishning oʻzi vakillik qilayotgan ishtirokchisi ega boʻlgan barcha huquqlardan foydalanadi.