Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 29-modda. Maʼmuriy ish yuritishda ekspert

Maʼmuriy organ fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilimlar talab etiladigan masalalar yuzasidan xulosa berish uchun ekspertiza tayinlashi mumkin. Ekspertlar tayinlash va ekspertlar tomonidan tushuntirilishi kerak boʻlgan masalalar doirasini aniqlash chogʻida maʼmuriy ish yuritishning barcha ishtirokchilari fikri inobatga olinadi. Ekspert ekspertiza predmetiga taalluqli maʼmuriy ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur maʼlumotlarni yozib olish yoki koʻchirma nusxalar olish, maʼmuriy ish yuritishda ishtirok etuvchi shaxslarga va guvohlarga savollar berish, joyida koʻzdan kechirishda, attestatsiya-imtihon tadbirlarida hamda ekspert baholashidan oʻtkazishga qaratilgan boshqa harakatlarda ishtirok etish huquqiga ega. Ekspert, agar unga taqdim etilgan materiallar ekspertiza oʻtkazish uchun yetarli boʻlmasa yoki ekspert oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatni bajarish uchun zarur bilimlarga ega boʻlmasa, xulosa berishni rad etishi mumkin. Ekspert oʻz tekshirishlarining natijalari boʻyicha ekspert xulosasini taqdim etadi. Maʼmuriy organning yoki maʼmuriy ish yuritishdagi boshqa ishtirokchilarning talabiga koʻra ekspert oʻz xulosasi yuzasidan qoʻshimcha tushuntirishlar berishi kerak.