Agar arizada toʻgʻrilash mumkin boʻlgan xatolar mavjud boʻlsa, maʼmuriy organ ularni toʻgʻrilash uchun arizachiga imkoniyat va muddat beradi. Agar arizaga doir ilovada qonunchilikka binoan talab qilinadigan yoki arizachi havola qilayotgan hujjatlar mavjud boʻlmasa, ularsiz maʼmuriy hujjatni qabul qilish imkoni boʻlmagan taqdirda, maʼmuriy organ arizachiga yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyatini, buning uchun muddat belgilagan holda, berishi kerak. Xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun maʼmuriy organ tomonidan belgilanadigan muddat, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, besh ish kunidan kam boʻlmasligi lozim. Maʼmuriy organ arizachining iltimosnomasiga binoan ushbu muddatni besh ish kunidan kam boʻlmagan muddatga uzaytirishi kerak. Maʼmuriy ish yuritish muddatining oʻtishi xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish vaqtida toʻxtatib turiladi.