Maʼmuriy shikoyat yozma, ogʻzaki yoki elektron shaklda beriladi va unda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: 1) maʼmuriy hujjatni qabul qilgan maʼmuriy organning nomi; 2) shikoyat bergan arizachining (uning vakilining) familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi, yuridik shaxs uchun esa — uning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili); 3) arizachining talablari; 4) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati (mavjud boʻlgan taqdirda); 5) ariza berilgan sana. Maʼmuriy shikoyat manfaatdor shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar shikoyat vakil tomonidan berilgan boʻlsa, unga ishonchnomaning yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjatning koʻchirma nusxasi ilova qilinishi kerak. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida berilgan maʼmuriy shikoyatda ushbu moddada sanab oʻtilgan maʼlumotlardan tashqari manfaatlarini koʻzlab shikoyat berilayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va uning manzili hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa axborot koʻrsatilishi kerak. Qonunchilikda maʼmuriy shikoyatga va unga ilova qilinadigan hujjatlarga doir boshqa talablar ham nazarda tutilishi mumkin. Maʼmuriy organ maʼmuriy shikoyatga va unga ilova qilinadigan hujjatlarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilmagan talablar qoʻyishga haqli emas. Jismoniy shaxs ogʻzaki shikoyat qilayotganda oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa oʻz vakolatlarini tasdiqlaydigan va oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak. Elektron shaklda beriladigan shikoyatlarda arizachining elektron manzili va yagona identifikatori, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda esa elektron raqamli imzo va boshqa rekvizitlar koʻrsatilishi kerak. Shikoyatda elektron manzilning koʻrsatilganligi arizachining xabarnomalarni axborot tizimi orqali elektron shaklda qabul qilishga boʻlgan roziligidir.