Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 79-modda. Maʼmuriy hujjatda nazarda tutilgan harakatlarni maʼmuriy organ yoki boshqa shaxs tomonidan qarzdor hisobiga amalga oshirish

Agar maʼmuriy hujjatda nazarda tutilgan biror-bir harakatni amalga oshirish majburiyati adresat tomonidan bajarilmayotgan boʻlsa, ammo u boshqa shaxs tomonidan bajarilishi mumkin boʻlsa, maʼmuriy organ ushbu harakatni majburiyatli shaxs hisobidan amalga oshirish uchun boshqa shaxsni jalb etishi mumkin. Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, maʼmuriy hujjatning ijrosini taʼminlovchi organ ushbu harakatni majburiyatli shaxs hisobidan oʻzi amalga oshirishga, agar bu mumkin boʻlsa, haqli.