Qonunda nazarda tutilgan hollarda, taraflar tomonidan mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuv nizoni koʻrib chiqishga vakolatli organga taqdim etilganda mazkur organ ishning muhokamasini qoldirib, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish uchun muddat tayinlaydi. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilgan taqdirda, uni amalga oshirish davrida ijro ishini yuritish toʻxtatib turiladi. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chogʻida davlat organining bevosita aralashuvi taqiqlanadi. Sudda ish qoʻzgʻatilganidan keyin mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari protsessual qonunchilikda belgilanadi. Sud muhokamasi jarayonida, nizoni vakolatli organda koʻrish jarayonida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chogʻida taraflar tomonidan erishilgan mediativ kelishuv tegishli ish qaysi sud yoki vakolatli organning ish yurituvida turgan boʻlsa, darhol oʻsha sudga yoki vakolatli organga yuboriladi. Sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida taraflar tomonidan erishilgan mediativ kelishuv ijro hujjati oʻz ish yurituvida boʻlgan davlat ijrochisiga darhol yuboriladi. Nizo mediativ kelishuv bilan mediatsiya tartibida hal qilingan taqdirda, toʻlangan davlat boji qaytarilishi lozim, bundan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida mediativ kelishuv tuzilgan hollar mustasno.