Ish beruvchi xodimning davlat va jamoat majburiyatlarini bajarish vaqtida uni ishdan ish joyini (lavozimini) va oʻrtacha oylik ish haqini saqlagan holda quyidagi hollarda ozod etishi shart: saylov huquqini amalga oshirayotganda; deputatlik vazifalarini, shuningdek oʻz vakolatlarini ishlab chiqarishdan yoki xizmat faoliyatidan ajralmagan holda amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosining vazifalarini bajarayotganda; tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining ishida ishtirok etayotganda; harbiy majburiyatlarni bajarayotganda; tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organga, surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga guvoh, jabrlanuvchi, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis sifatida chaqirilganda; sud majlislarida xalq maslahatchisi, jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi, jamoat birlashmalari va mehnat jamoalarining vakili sifatida ishtirok etayotganda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya faoliyatida ishtirok etganda; xodim davlat va jamiyat manfaatlarini koʻzlab harakatlarni amalga oshirganda (avariyalar, tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish, inson hayotini saqlab qolish, qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish, shuningdek boshqa hollarda); Oʻzbekiston Respublikasi qonunida yoki Prezidentining farmonlari va qarorlarida yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.