Mehnat kodeksi 589-modda. Ish tashlashga oid cheklovlar

Favqulodda holat yoki favqulodda vaziyatlar paytida, urush holatida, umumiy safarbarlik eʼlon qilingan davrda ish tashlash taqiqlanadi. Ish tashlashda quyidagilarning qatnashishi mumkin emas hamda ular ishtirokidagi ish tashlash taqiqlangan hisoblanadi: tibbiyot xodimlari; davlat organining vakolatlarini amalga oshirish uchun Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan shaxslar; harbiy xizmatchilar, sudyalar, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning maxsus (harbiy) unvonlarga yoki martaba (malaka, mansab) darajalariga ega xodimlari; energiya va suv taʼminoti tizimi tashkilotlari xodimlari; aloqa tizimi xodimlari. Fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va shaxsiy xavfsizligi uchun faoliyati hayotiy muhim boʻlmagan, biroq aholining kundalik hayotini taʼminlashda muhim oʻrin tutadigan tashkilotlarda, shuningdek ish tashlash davomiyligi va koʻlami tufayli aholining odatdagi turmush sharoitlariga tahdid soluvchi xizmatlarda (sohalarda) minimal zarur ishlar (xizmatlar) majburiy joriy etilishi mumkin. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan minimal zarur ishlar (xizmatlar) va ular amalga oshirilishi lozim boʻlgan tashkilotlar (xizmatlar, sohalar) roʻyxati Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.