Mehnat kodeksi 97-modda. Ish beruvchining bandlik va ishga joylashtirish sohasidagi majburiyatlari

Ish beruvchining zimmasida bandlik va ishga joylashtirish sohasida quyidagi majburiyatlar boʻladi: ushbu Kodeksning 166-moddasiga muvofiq xodimlarni ishdan boʻshatish toʻgʻrisida axborot taqdim etish; ushbu Kodeksning 119-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishga yoʻl qoʻymaslik; ushbu Kodeksning 99-moddasiga muvofiq ish oʻrinlarining belgilangan eng kam soni hisobiga shaxslarni ishga joylashtirish; ushbu Kodeksning 165-moddasiga muvofiq xodimlarni mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida ogohlantirish; ushbu Kodeksning 144-moddasiga muvofiq xodimning ish oʻrnini boshqa ishga oʻtkazish tartibida saqlash choralarini koʻrish; mehnat shartnomasi ushbu Kodeksning 100-moddasi birinchi , ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq alohida asoslarga koʻra bekor qilinganda oʻrtacha oylik ish haqini ishga joylashtirish davrida saqlab qolish; taklif etilgan shaxslarga ushbu Kodeksning 101-moddasiga muvofiq kafolatlar berish; oʻzi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeksning 102-moddasiga muvofiq alohida asoslarga koʻra bekor qilingan xodimlarni qayta ishga qabul qilish; jamoa kelishuvlariga va jamoa shartnomasiga muvofiq qoʻshimcha kafolatlar berish. Ish beruvchining zimmasida bandlik va ishga joylashtirish sohasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.