Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslar (audiovizual asarlarni tayyorlovchilar, ensiklopediyalar noshirlari, prodyuserlar va boshqa shu kabilar) tegishli asarlarning mualliflari deb eʼtirof etilmaydi. Biroq ushbu Qonunda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda, bunday shaxslar ana shu asarlardan foydalanishda mutlaq huquqlarga ega boʻladilar. Audiovizual asarni tayyorlovchi bu asardan foydalanilganda oʻz ismi-sharifi yoki nomini koʻrsatishga yoxud ismi-sharifi yoki nomi koʻrsatilishini talab qilishga haqlidir. Ensiklopediyalar, ensiklopedik lugʻatlardan, ilmiy ishlarning davriy va davomli toʻplamlaridan, gazetalar, jurnallar hamda boshqa davriy nashrlardan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlar ularning noshiriga tegishlidir. Bunday nashrlardan har qanday tarzda foydalanilganda noshir oʻz ismi-sharifi yoki nomini koʻrsatishga yoxud ismi-sharifi yoki nomi koʻrsatilishini talab qilishga haqlidir.