Ijrochining huquqlari quyidagi shartlardan biriga rioya etilgan taqdirda, ushbu Qonunga muvofiq unga tegishli deb eʼtirof etiladi: ijrochi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlsa; ijrochining fuqaroligidan qatʼi nazar, ijro birinchi marta Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilgan boʻlsa; ijro ushbu moddaning ikkinchi qismi qoidalariga muvofiq muhofaza qilinadigan fonogrammaga yozilgan boʻlsa; fonogrammaga yozilmagan ijro ushbu moddaning uchinchi qismi qoidasiga muvofiq efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning muhofaza qilinadigan koʻrsatuv yoki eshittirishiga kiritilgan boʻlsa. Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari quyidagi shartlardan biriga rioya etilgan taqdirda, ushbu Qonunga muvofiq unga tegishli deb eʼtirof etiladi: fonogrammani tayyorlovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan yeriga ega boʻlgan yuridik shaxs boʻlsa; fonogrammani tayyorlovchining fuqaroligi yoki joylashgan yeridan qatʼi nazar, fonogramma birinchi marta Oʻzbekiston Respublikasi hududida chop etilgan boʻlsa. Efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari, agar tashkilot Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan yeriga ega boʻlsa hamda efirga uzatish yoki kabel orqali yuborishni Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan uzatgichlar yordamida amalga oshirayotgan boʻlsa, ushbu Qonunga muvofiq mazkur tashkilotga tegishli deb eʼtirof etiladi. Chet el yuridik va jismoniy shaxslarining Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida muhofaza qilinadigan turdosh huquqlari ham ushbu Qonunga binoan eʼtirof etiladi.