Ijrochining ushbu Qonun 47-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqlari shartnoma boʻyicha boshqa shaxslarga oʻtkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Qonunning 38 , 39 va 42 -moddalari qoidalari qoʻllaniladi. Ijrolardan foydalanish uchun ruxsatnomalar ijrochi tomonidan, ijrochilar jamoasi ijro etganda esa ijrochilar jamoasining vakolatli vakili tomonidan yozma shartnoma tuzish orqali beriladi. Ijrodan foydalanganlik uchun haq miqdori va uni hisoblab chiqarish tartibi ijrochining yoki ijrochilar jamoasi vakolatli vakilining foydalanuvchi bilan tuzilgan shartnomasida, bunday haqni yigʻish ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan hollarda esa bunday tashkilotlar foydalanuvchilar bilan tuzadigan shartnomalarda belgilab qoʻyiladi. Audiovizual asar yaratish toʻgʻrisida ijrochi va audiovizual asarni tayyorlovchi oʻrtasida shartnoma tuzilishi ijrochi tomonidan ushbu Qonun 47-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqlar oʻtkazilishiga sabab boʻladi. Ijrochi tomonidan bunday huquqlarning oʻtkazilishi audiovizual asardan foydalanish bilan cheklanadi va, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, audiovizual asarda qayd etilgan ovoz yoki tasvirdan alohida-alohida foydalanish huquqlarini oʻz ichiga olmaydi.