Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida 5-modda. Mualliflik huquqi obyekti

Mualliflik huquqi ijodiy faoliyat natijasi boʻlmish fan, adabiyot va sanʼat asarlariga nisbatan, ularning maqsadi va qadr-qimmati, shuningdek ifodalanish usulidan qatʼi nazar, tatbiq etiladi. Mualliflik huquqi quyidagi biron-bir obyektiv shaklda boʻlgan oshkor qilingan asarlarga ham, oshkor qilinmagan asarlarga ham tatbiq etiladi: yozma (qoʻlyozma, mashinkalangan yozuv, notali yozuv va hokazo); ogʻzaki (omma oldida soʻzlash, omma oldida ijro etish va hokazo); ovozli yoki video yozuv (mexanik, magnitli, raqamli, optik va hokazo); tasvir (rasm, eskiz, manzara, tarh, chizma, kino-, tele-, video- yoki fotokadr va hokazo); hajmli-fazoviy (haykal, model, maket, inshoot va hokazo); boshqa shakllardagi. Mualliflik huquqi gʻoyalar, prinsiplar, uslublar, jarayonlar, tizimlar, usullar yoki konsepsiyalarga emas, balki ifoda shakliga nisbatan tatbiq etiladi.