Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqarish uchun vakolatlar bevosita huquq egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda yozma shartnomalar asosida, shuningdek mulkiy huquqlarni boshqarishni amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar (shu jumladan chet el tashkilotlari) bilan tuzilgan tegishli shartnomalar boʻyicha beriladi. Bunday shartnomalar mualliflik shartnomasi hisoblanmaydi va ushbu Qonunning 38—42-moddalari qoidalari ularga nisbatan tatbiq etilmaydi. Muallif yoki boshqa huquq egasi mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotga shartnoma boʻyicha oʻz mulkiy huquqlarini amalga oshirish uchun vakolatlar berishga haqlidir, tashkilot esa, agar bunday huquqlarni boshqarish shu tashkilotning ustavida koʻrsatilgan faoliyatiga taalluqli boʻlsa, bu huquqlarni jamoaviy asosda amalga oshirishni oʻz zimmasiga olishi shart. Muallif yoki boshqa huquq egasi oʻz mulkiy huquqlari yoki huquqini amalga oshirish vakolatlarini tegishli toifadagi huquq egalarining mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi faqat bitta tashkilotga berishga haqlidir. Haq miqdori va foydalanuvchilar bilan asarlardan va turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanish uchun shartnoma tuzish shartlari, yigʻilgan haqni taqsimlash va toʻlash usuli hamda mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot faoliyatining boshqa muhim masalalari xususidagi qarorlarni qabul qilish faqat mualliflar yoki boshqa huquq egalari tomonidan umumiy yigʻilishda kollegial tarzda amalga oshiriladi. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot huquq egalaridan olingan vakolatlar asosida foydalanuvchilar bilan asarlardan va turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanish uchun shartnomalar tuzadi. Shartnomalarning shartlari foydalaniladigan asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining turi va hajmiga qarab aniqlanadigan bitta toifadagi barcha foydalanuvchilar uchun bir xil boʻlishi kerak. Mazkur tashkilotlar foydalanuvchilar bilan shartnomalar tuzishni yetarlicha asoslarsiz rad etishga haqli emas. Bunday sh