Nodavlat notijorat tashkilotining ustavida quyidagilar nazarda tutiladi: nodavlat notijorat tashkilotining nomi, maqsad va vazifalari, uning tashkiliy-huquqiy shakli, u oʻz faoliyatini amalga oshiradigan hudud; nodavlat notijorat tashkilotining tuzilmasi va rahbar organlari, zaruratga qarab uning nazorat-taftish organlari (ijtimoiy fondlar uchun — majburiy) yoki auditorlarni (auditorlik firmalarini) jalb etishning majburiyligi; rahbar organlarning vakolat doirasi va ularni shakllantirish tartibi, ularning vakolat muddatlari, doimiy asosda ishlaydigan rahbar organ joylashgan yer; aʼzolik belgilangan birlashmalar uchun — aʼzo boʻlish va aʼzolikdan mahrum boʻlish shartlari va tartibi, aʼzolarning huquq va majburiyatlari; pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkni shakllantirish manbalari, nodavlat notijorat tashkiloti hamda uning tarkibiy boʻlinmalarining mol-mulkni boshqarish borasidagi huquqlari; qayta tashkil qilish va tugatish tartibi; ustavga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish tartibi. Nodavlat notijorat tashkilotining ustavida uning ramziy belgilari tavsifi boʻlishi mumkin. Ustavda nodavlat notijorat tashkilotining faoliyatiga taalluqli, qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham nazarda tutilishi mumkin.