Normativ-huquqiy hujjatlar bilan ushbu hujjatlarning tarkibiy qismi boʻlgan nizomlar, qoidalar, yoʻriqnomalar, reglamentlar, strategiyalar, konsepsiyalar, doktrinalar, dasturlar (“yoʻl xaritalari”) va boshqa hujjatlar tasdiqlanishi mumkin. Nizom davlat organlari va tashkilotlarning, ular tarkibiy boʻlinmalarining maqomini, asosiy vazifalarini, funksiyalarini, huquq va majburiyatlarini, faoliyatini tashkil etish tartibini, shuningdek u yoki bu sohadagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish tartibini belgilaydi. Qoidalar biror-bir faoliyatni amalga oshirishga doir talablarni belgilaydi. Yoʻriqnoma normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllashning aniqlashtiruvchi jihatlarini belgilaydi. Reglament davlat organlari va tashkilotlarning ish tartibini, shuningdek davlat organlari va tashkilotlar tomonidan maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirish tartibini belgilaydi. Strategiya mamlakat yoki muhim tarmoqlarni oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirishning eng asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi. Konsepsiya u yoki bu sohadagi davlat siyosatining eng muhim ustuvorliklarini, maqsadlarini, asosiy yoʻnalishlarini, vazifalarini va amalga oshirilish mexanizmlarini belgilaydi. Doktrina Oʻzbekiston Respublikasining u yoki bu sohadagi milliy manfaatlarini taʼminlash maqsadlari, vazifalari, prinsiplari va asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi. Dastur (“Yoʻl xaritasi”) u yoki bu sohadagi davlat siyosatining maqsadlariga erishilishini taʼminlaydigan tadbirlar (vazifalar, amalga oshirish muddatlari, moliyalashtirish manbalari va masʼul ijrochilar boʻyicha oʻzaro bogʻliq boʻlgan tadbirlar) va mexanizmlar tizimini belgilaydi.