Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi ular kelib tushgan sanadan eʼtiboran oʻn kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan oʻtkaziladi. Vazirliklar va idoralar normativ-huquqiy hujjatlarining huquqiy ekspertizasi hamda vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish ular kelib tushgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Agar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan loyihalar va ikkinchi qismida koʻrsatilgan normativ-huquqiy hujjatlar qoʻshimcha oʻrganishni talab qilsa, qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini koʻrib chiqish muddati besh kungacha, vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini koʻrib chiqish muddati esa oʻn besh kungacha uzaytirilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining hududiy boʻlinmalari tomonidan: xalq deputatlari viloyat, tuman, (shahar) Kengashi qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi — ikki ish kuni ichida; viloyat, tuman, (shahar) hokimi qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi — besh ish kuni ichida oʻtkaziladi. Qonunchilikda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazishning boshqa muddatlari belgilanishi mumkin.