“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi”, “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik toʻplami”, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi” Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari eʼlon qilinadigan rasmiy manbalardir. “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami”, “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik toʻplami”, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari eʼlon qilinadigan rasmiy manbalardir. “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik toʻplami”, “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi”, shuningdek vazirliklar va idoralarning rasmiy nashrlari vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari eʼlon qilinadigan rasmiy manbalardir. “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi”, Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimi, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy nashrlari mazkur mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari eʼlon qilinadigan rasmiy manbalardir.