Notarial idora notarial ish yuritish hujjatlari va materiallarining but saqlanishini taʼminlashi, oʻz notarial arxiv ishini yuritishi shart. Notarial ish yuritish hujjatlari va materiallari uch yil oʻtgach Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari huzuridagi idoraviy notarial arxivlarga topshirilishi kerak. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari huzuridagi idoraviy notarial arxivlar tomonidan beriladigan notarial tasdiqlangan hujjatlarning dublikatlari va reyestrlardan koʻchirmalar notarial tasdiqlangan hujjatlarga tenglashtiriladi hamda ularni berganlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda haq undiriladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari huzuridagi idoraviy notarial arxivlar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga ega boʻladi. Notarial ish yuritish qoidalari, notarial hujjatlarni saqlash muddatlari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari davlat boji tushumlarining hisobini yuritadi va ular yuzasidan davlat soliq xizmati organlariga hisobot taqdim etadi.