Notariat toʻgʻrisida 15-2-modda. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish

Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius litsenziyasining amal qilishini toʻxtatib turish uni hisobga qoʻygan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan malaka komissiyasining qaroriga asosan quyidagi hollarda amalga oshiriladi: notarius jinoiy javobgarlikka tortilganda — u ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan paytdan eʼtiboran va sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar yoxud reabilitatsiya qiluvchi asoslarga binoan uni jinoiy javobgarlikdan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar; notarius qonunchilikda belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan deb topilganda — bedarak yoʻqolgan deb topish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinguniga qadar boʻlgan davrga; notariat toʻgʻrisidagi qonunchilik, Notariusning kasb etikasi qoidalari talablari, notarial harakatlar siri va notarius qasamyodi notarius tomonidan buzilganligi aniqlanganda; Notarial palataning yoki adliya organining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan, shu jumladan notariusning zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklaydigan qarorlari notarius tomonidan bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda; notariusda fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi mavjud boʻlmaganda yoki tuzilgan shartnoma qonunchilik talablariga muvofiq boʻlmaganda — bunday shartnoma tuzilgan yoki tuzilgan shartnoma qonunchilikka muvofiq holga keltirilgan kunga qadar; notarial faoliyatni tashkil etishga oid minimal talablar bajarilmaganda — bunday hollar bartaraf etilguniga qadar; notarius Notarial palataga aʼzolik badallarini bir oydan ortiq muddat davomida toʻlamaganda — uch oygacha, aʼzolik badallarini toʻlaguniga qadar. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi notariusga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazish davrida litsenziyaning amal qilishini oʻn kundan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turishga haqli. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish