Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius notarial faoliyatni amalga oshirishda notariusning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasini tuzishi shart. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasini tuzmasdan oʻzining majburiyatlarini va notarial harakatlarni amalga oshirishga haqli emas. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsga va (yoki) notarial faoliyatni amalga oshirishdagi uchinchi shaxslarga mulkiy zarar yetkazilganligi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlari boʻyicha javobgarligi xavfi bilan bogʻliq mulkiy manfaatlar fuqarolik javobgarlikni sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta obyektidir. Qonunchilikka zid notarial harakatni amalga oshirish natijasida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning harakatlari (harakatsizligi) tufayli jismoniy yoki yuridik shaxsga mulkiy zarar yetkazilganligining sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan belgilangan yoki sugʻurta qiluvchi tomonidan tan olingan fakti notariusning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta hodisasidir. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta summasi quyidagi eng kam miqdordan kam boʻlishi mumkin emas: Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlarning maʼmuriy markazlarida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius faoliyatini tashkil etish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining kamida ming baravaridan; boshqa aholi punktlarida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius faoliyatini tashkil etish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining kamida besh yuz baravaridan.