Notariat toʻgʻrisida 22-3-modda. Elektron murojaat

Jismoniy va yuridik shaxslar notarius qabuliga oldindan yozilish, bitimlar va arizalarning elektron shakldagi loyihalarini tayyorlash hamda notarial harakatlarni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa maqsadlar uchun axborot tizimlari orqali notarial idoralarga murojaat qilishi mumkin. Elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim. Agar huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun haq toʻlanmagan boʻlsa, bitimlar va arizalarning elektron shakldagi loyihalarini tayyorlash toʻgʻrisidagi elektron murojaat koʻrib chiqilmaydi. Axborot tizimlari orqali notarial idoralarga kelib tushadigan elektron murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.