Notariat toʻgʻrisida 35-modda. Notarial harakatlarni amalga oshirish uchun taqdim etiladigan hujjatlarga qoʻyiladigan talablar

Notariuslar notarial harakatlarni amalga oshirish uchun qirib oʻchirilgan yoki qoʻshimchalar kiritilgan, soʻzlari ustidan chizilgan va izoh berilmagan boshqa tuzatishlari boʻlgan hujjatlarni, shuningdek qalamda yozilgan hujjatlarni qabul qilmaydi. Agar hujjatdagi mavjud izoh berilmagan tuzatishlar yoki boshqa kamchiliklar taqdim etilgan hujjatning maqsadi uchun ahamiyatsiz boʻlsa, notarius bunday hujjatni notarial harakatni amalga oshirish uchun qabul qilishga haqli. Notarial tasdiqlanadigan bitimlarning matni aniq va ravshan yozilgan boʻlishi kerak, hujjatning mazmuniga taalluqli sana va muddatlar hech boʻlmaganda bir marta soʻz bilan, yuridik shaxslarning nomlari esa — ular organlarining manzillarini koʻrsatgan holda qisqartirishlarsiz yozilishi lozim. Fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi toʻliq yozilib, yashash joyi koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Bir varaqdan ortiq boʻlgan hujjat ip oʻtkazib tikilgan, varaqlari raqamlangan va muhr bosib tasdiqlangan boʻlishi kerak.