Notarius qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda kreditorga topshirish uchun qarzdordan depozitga pul summalari va qimmatli qogʻozlarni qabul qiladi. Notarius pul summalari va qimmatli qogʻozlar kelib tushganligi haqida kreditorga xabar qiladi hamda uning talabi boʻyicha unga tegishli pul summalari va qimmatli qogʻozlarni topshiradi. Pul summalari va qimmatli qogʻozlarni depozitga majburiyat bajariladigan joydagi notarius qabul qiladi. Notarius pul mablagʻlari va qimmatli qogʻozlarni qabul qilish uchun depozit hisobvaragʻini ochishi kerak. Notariusning shaxsiy mablagʻlarini ushbu hisobvaraqqa oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi. Notarius qarzdorga depozit hisobvaragʻi ochilgan bankka taqdim etish uchun pul mablagʻlari depozit hisobvaragʻiga oʻtkazilganligi toʻgʻrisida yozma xabarnoma beradi. Kreditorning yoki qarzdorning depozit hisobvaragʻiga qabul qilingan pul mablagʻlarini va qimmatli qogʻozlarini berish, shuningdek depozitdan foydalanganlik uchun toʻlov bank tomonidan notariusning xabarnomasiga asosan amalga oshiriladi.