Oila kodeksi 118-modda. Nikohdan ajralganidan keyin sobiq er (xotin)ning taʼminot olish huquqi

Yetarli mablagʻga ega boʻlgan sobiq er (xotin)dan: sobiq xotin homiladorlik davrida va oʻrtada bola tugʻilgan kundan boshlab uch yil davomida; oʻrtadagi nogironligi boʻlgan bolani u oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar parvarishlashni yoki bolalikdan I guruh nogironligi boʻlgan bolani parvarishlashni amalga oshirgan, yordamga muhtoj boʻlgan sobiq xotin (er); nikohdan ajralgunga qadar yoki nikohdan ajralgan paytdan boshlab bir yil davomida mehnatga layoqatsiz boʻlib qolgan yordamga muhtoj sobiq xotin (er); nikohdan ajralgan paytdan boshlab besh yil ichida pensiya yoshiga yetgan yordamga muhtoj xotin (er), agar er-xotin uzoq vaqt nikohda turishgan boʻlsa, sud tartibida aliment talab qilish huquqiga egadir. Nikohdan ajralgandan keyin sobiq er yoki xotinga toʻlanadigan aliment miqdori va uni toʻlash tartibi sobiq er-xotin oʻrtasidagi kelishuv bilan belgilanishi mumkin.