Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar oilaga (farzandlikka olinishi, vasiylik, homiylik belgilanishi yoki tutingan (foster) oilaga) berilishi, bunday imkoniyat boʻlmaganda esa, yetim bolalar yoxud ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan muassasalarga (tarbiya, davolash, sogʻlomlashtirish, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasiga va shunga oʻxshash boshqa muassasalarga) tarbiyaga berilishi lozim. Yetim bolalarni va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan oilaga yoki muassasalarga tarbiyalash uchun muqobil joylashtirish masalasi hal boʻlguniga qadar vasiylik (homiylik) majburiyatlarini bajarish vaqtincha vasiylik va homiylik organlarining zimmasiga yuklatiladi.