Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida 12-modda. Oilaviy korxonaning huquq va majburiyatlari

Oilaviy korxona quyidagi huquqlarga ega: mustaqil ravishda tovarlar ishlab chiqarishga (ishlar bajarishga, xizmatlar koʻrsatishga) doir faoliyatni tashkil etish, ishlab chiqarilgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) tasarruf etish va ularga narx belgilash; mustaqil ravishda oʻz moliyaviy mablagʻlarini shakllantirish va qarz mablagʻlarini jalb etish, shu jumladan dastlabki (boshlangʻich) kapitalni shakllantirish uchun kreditlar olish; lizing va sugʻurta xizmatlaridan foydalanish; shartnomalar tuzish, shu jumladan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilish va realizatsiya qilish uchun shartnomalar tuzish; tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish; oʻz firma nomi yozilgan muhrlardan, blankalardan va shtamplardan foydalanish hamda tovar belgisiga (xizmat koʻrsatish belgisiga) ega boʻlish; tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish. Oilaviy korxona: tuzilgan shartnomalar boʻyicha zimmasiga olgan majburiyatlarni oʻz vaqtida va tegishli tartibda bajarishi; oilaviy korxonaning ishtirokchilari va yollanma xodimlari mehnatiga haq toʻlash miqdorini belgilashi, ular bilan oʻz vaqtida hisob-kitob qilishi, shuningdek ish beruvchi sifatida oʻz fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilishi; soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashi; mehnatni muhofaza qilish hamda xavfsizlik texnikasi, ekologiya, sanitariya va gigiyena sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etishi; realizatsiya qilinadigan mahsulot va xizmatlar uchun qonunchilikka muvofiq sertifikatlarga ega boʻlishi; joylashgan yeri (pochta manzili) va boshqa rekvizitlari oʻzgarganligi haqida tegishli davlat organlarini oʻz vaqtida xabardor qilishi shart. Oilaviy korxona qonunga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar boʻlishi mumkin.