Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida 22-modda. Oilaviy korxona ishtirokchilarining va yollanma xodimlarining ijtimoiy muhofazasi

Oilaviy korxona korxonaning ishtirokchilari va yollanma xodimlariga xavfsiz mehnat sharoitlarini, ijtimoiy muhofaza choralarini taʼminlashi shart hamda ularning hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladi. Oilaviy korxona korxonaning ishtirokchilari va yollanma xodimlari uchun qonunchilikda belgilanganiga nisbatan imtiyozliroq mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarni mustaqil ravishda belgilashga haqli. Oilaviy korxonada ishtirokchilar va yollanma xodimlarning ishlagan vaqti davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha badallar toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar va qonunchilikda belgilangan tartibda yuritiladigan mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida mehnat stajiga qoʻshiladi. Oilaviy korxona oilaviy korxonaning ishtirokchilari va yollanma xodimlari hayotiga yoki sogʻligʻiga mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki ular oʻz mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash boʻyicha oʻz fuqarolik javobgarligini ish beruvchi sifatida qonunchilikda belgilangan shartlar va tartib asosida sugʻurtalashi shart.