Davlat oilaviy korxonaning huquqlariga rioya etilishini va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi. Davlat organlari oilaviy korxonani rivojlantirish va mustahkamlashga koʻmaklashishi shart. Davlat organlari qonunchilikda belgilangan tartibda: foydalanilmayotgan yashash uchun moʻljallanmagan joylar ularda tovarlar ishlab chiqarishni (ishlar bajarishni, xizmatlar koʻrsatishni) tashkil etish uchun oilaviy korxonaga ijaraga berilishini; ishlab chiqarish maydonlari qurish uchun oilaviy korxonaga yer ajratilishini; oilaviy korxona ishlab chiqarish obyektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini; oilaviy korxona tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotni realizatsiya qilish uchun maxsus joylar berilishini taʼminlaydi.