Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida 4-modda. Oilaviy korxona

Oilaviy korxona uning ishtirokchilari tomonidan tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) va realizatsiya qilishni amalga oshirish uchun ixtiyoriy asosda, oilaviy korxona ishtirokchilarining ulushli yoki birgalikdagi mulkida boʻlgan umumiy mol-mulk, shuningdek oilaviy korxona ishtirokchilaridan har birining mol-mulki negizida tashkil etiladigan kichik tadbirkorlik subyektidir. Oilaviy korxona faoliyati uning ishtirokchilarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Oilaviy korxona tadbirkorlik subyektlarining tashkiliy-huquqiy shakllaridan biridir. Oilaviy korxona faoliyatni faqat yuridik shaxs tashkil etgan holda amalga oshirishi mumkin. Oilaviy korxona oʻz mulkida alohida mol-mulkka ega boʻlishi, oʻz nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi hamda amalga oshirishi, zimmasiga majburiyatlar olishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi mumkin. Oilaviy korxona oʻz majburiyatlari boʻyicha qonunga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan oʻziga tegishli barcha mol-mulk bilan javob beradi. Oilaviy korxona ishtirokchilari korxona mol-mulki yetarli boʻlmaganda oilaviy korxonaning majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli mol-mulk bilan qonunchilikka muvofiq subsidiar javobgar boʻladi. Oilaviy korxona qonunchilikka muvofiq xodimlarni yollashni amalga oshirishi mumkin. Oilaviy korxona ishtirokchilarining va uning yollanma xodimlarining umumiy soni kichik tadbirkorlik subyektlari xodimlarining qonunchilikda belgilangan oʻrtacha yillik sonidan koʻp boʻlishi mumkin emas. Bunda oilaviy korxona ishtirokchilarining eng kam soni ikki kishidan oz boʻlmasligi kerak. Oilaviy korxona toʻliq firma nomiga ega boʻlishi lozim va qisqartirilgan firma nomiga ega boʻlishga haqli. Oilaviy korxonaning toʻliq firma nomi uning toʻliq nomini va “oilaviy korxona” degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak. Oilaviy korxonaning qisqartirilgan firma nomi uning qisqartirilgan nomini va “oilaviy korxona” degan soʻzlarni yoki “OK” abbreviaturasini oʻz ichiga olishi kerak.