Muassis quyidagi huquqlarga ega: taʼsis shartnomasi, ustav (nizom) va qonun hujjatlarida, shuningdek u bilan tahririyat oʻrtasida tuzilgan shartnomada belgilangan vakolatlari doirasida ommaviy axborot vositasining ishlarini boshqarishda ishtirok etish; qoʻshgan mulkiy ulushiga muvofiq ravishda foyda va zararlar taqsimotida ishtirok etish; ommaviy axborot vositasini muassis yoki uning tomonidan koʻrsatilgan uchinchi shaxs manfaatlarini koʻzlab qonun hujjatlariga muvofiq boshqaruvni amalga oshirishi lozim boʻlgan boshqa shaxsga (ishonchli boshqaruvchiga) mulkiy majmui sifatida ishonchli boshqaruvga topshirish; ommaviy axborot vositasi muharririni (bosh muharririni), shuningdek tahrir hayʼati aʼzolarini tayinlash va ozod qilish; eng katta hajmi va eʼlon qilish muddati tahririyat ustavida (nizomida) yoki taʼsis shartnomasida belgilanadigan xabarni yoki reklama tusida boʻlmagan materialni oʻz nomidan bepul joylashtirish; ommaviy axborot vositasi tugatilgan yoki ommaviy axborot vositasining faoliyati tugatilgan taqdirda kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkning bir qismini yoki uning qiymatini qoʻshgan mulkiy ulushiga muvofiq qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda olish. Muassis quyidagilarni bajarishi shart: ommaviy axborot vositasining ustavini (nizomini) tasdiqlash; ommaviy axborot vositasi tahririyati bilan shartnoma tuzish; ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlash. Muassis senzurani amalga oshirishga, retsenziyadan oʻtkazishga yoki tahririyatning ijodiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek ommaviy axborot vositasining ishlab chiqarilishi va tarqatilishi masalalariga aralashishga haqli emas, taʼsis shartnomasida yoki ustavda (nizomda) nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Qonun hujjatlariga muvofiq muassis boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.