Yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositasida eʼlon qilingan, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan va oʻzining shaʼni hamda qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan maʼlumotlar boʻyicha raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqlidir. Eʼlon qilingan material tufayli huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan yuridik va jismoniy shaxslar oʻz raddiyasini mazkur ommaviy axborot vositasi orqali eʼlon qilishga haqlidir. Raddiya yoki javob maxsus ruknda yoxud ana shunga sabab boʻlgan material bosilgan ayni oʻsha sahifada eʼlon qilinishi shart. Raddiya yoki javob gazetalarda ular kelgan kundan eʼtiboran bir oy muddat ichida, boshqa davriy nashrlarda esa navbatdagi sonda eʼlon qilinadi. Olingan raddiya yoki javob radioeshittirish yoki televideniye tahririyati tomonidan radioeshittirish yoxud telekoʻrsatuvning ayni oʻsha dasturi yoki turkumida, kelgan kunidan eʼtiboran bir oy muddat ichida eʼlon qilinadi. Asosli va odob doirasidagi javob matnini, agar uni eʼlon qilish hajm yoki vaqt nuqtai nazaridan ommaviy axborot vositasining faoliyatiga zarar yetkazmasa, tahrir qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ommaviy axborot vositasi raddiya yoki javobni eʼlon qilishdan bosh tortsa yoxud ularni eʼlon qilish uchun belgilab qoʻyilgan muddatni buzsa, yuridik yoki jismoniy shaxs daʼvo bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.