Ommaviy axborot vositalaridan Oʻzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat qilish, urush va zoʻravonlikni, shafqatsizlikni, milliy, irqiy va diniy adovatni targʻib etish, davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan oʻzga sirni oshkor etish, jinoiy javobgarlikka sabab boʻladigan boshqa xatti-harakatlarni sodir qilish maqsadida foydalanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularning shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi. Prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz dastlabki tergov materiallarini eʼlon qilish, muayyan ish boʻyicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning hal qiluv qarori yoxud hukmi qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoki sudga oʻzgacha yoʻl bilan taʼsir koʻrsatish, nomini koʻrsatmaslik sharti bilan maʼlumot bergan shaxsning nomini oshkor qilish (sud oshkor etishni talab qiladigan hollar bundan mustasno) taqiqlanadi. Ushbu modda talablarini buzganlikda aybdor shaxslar, shu jumladan muharrir (bosh muharrir), jurnalist, boshqa shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.