fuqaroligi toʻgʻrisida 31-modda. Chet davlatning fuqaroligini tugʻilganlik boʻyicha yoxud chet davlat fuqarosi boʻlgan otasining yoki onasining fuqaroligi asosida, voyaga yetmagan yoshida olgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash

Chet davlatning fuqaroligini tugʻilganlik boʻyicha yoxud chet davlat fuqarosi boʻlgan otasining yoki onasining fuqaroligi asosida, voyaga yetmagan yoshida olgan va yigirma bir yoshga toʻlguniga qadar chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirmagan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash uchun ichki ishlar organlari va konsullik muassasalari manfaatdor vazirliklar va idoralarning maʼlumotlarini tekshiradi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning kelib tushayotgan murojaatlarini oʻrganadi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fakt aniqlangan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga yoki uning qonuniy vakiliga ushbu Qonunning 25-moddasi qoidalari tushuntiriladi. Agar shaxs yigirma bir yoshga toʻlguniga qadar chet davlatning fuqaroligini tugatish toʻgʻrisida axborot taqdim etmasa, Ichki ishlar vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi xulosa tayyorlaydi va xulosani materiallar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.