Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga umumiy tartibda qabul qilish yoki Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnomaga quyidagilar ilova qilinadi: soʻrovnoma; pasport yoki identifikatsiyalovchi karta (yashash guvohnomasi); nikoh tuzilganligi yoki nikoh bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma; bola iltimosnomada koʻrsatilgan taqdirda, uning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi va agar mavjud boʻlsa yashash guvohnomasi; tirikchilikning qonuniy manbalari mavjudligini tasdiqlovchi hujjat. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda qabul qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ilova qilinadi: ariza beruvchining tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi; Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashayotgan va Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlgan, nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan oʻzidan oldingi qarindoshining pasporti yoki identifikatsiyalovchi kartasi yoxud manfaatdor vazirlikning yoki idoraning iltimosnomasi; sudlanganlik holati yoʻqligini yoki mavjudligini tasdiqlovchi hujjat. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga alohida tartibda qabul qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga pasport yoki identifikatsiyalovchi karta (yashash guvohnomasi) ilova qilinadi.