fuqaroligi toʻgʻrisida 45-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tan olishni rasmiylashtirish masalalariga oid materiallarni tayyorlash

Fuqaroligi boʻlmagan shaxsni Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish toʻgʻrisidagi ariza doimiy yashash joyidagi ichki ishlar organiga topshiriladi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi: soʻrovnoma; fuqaroligi boʻlmagan shaxsga yashash guvohnomasi; nikoh tuzilganligi yoki nikoh bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma; arizachining familiyasi, ismi va otasining ismi oʻzgarganligi haqidagi maʼlumotnoma (oʻzgarishlar mavjud boʻlsa); 2005-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelganligini va doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligini yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻn besh yil va undan ortiq yil davomida doimiy yashab kelayotganligini tasdiqlovchi hujjatlar. Fuqaroligi boʻlmagan shaxsni Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish toʻgʻrisidagi arizani ichki ishlar organlari tomonidan koʻrib chiqishning umumiy muddati ariza topshirilgan kundan eʼtiboran uch oyni tashkil etadi. Ushbu Qonunning 6-moddasida nazarda tutilgan holatlar tasdiqlangan taqdirda, fuqaroligi boʻlmagan shaxs tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari boshliqlari yoki viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanib, Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan xulosaga asosan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.