Komissiya oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida quyidagi huquqlarga ega: yurituvida turgan ish yuzasidan tegishli davlat organlaridan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalari boʻyicha qoʻshimcha hujjatlar va materiallarni talab qilib olish; Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlashda ishtirok etish, tegishli takliflarni Oʻzbekiston Respublikasining Prezidentiga kiritish; Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalari yuzasidan zarur boʻlgan qoʻshimcha axborot olish uchun oʻz majlislariga davlat organlari va boshqa tashkilotlarning vakillarini taklif etish. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid iltimosnomalarni koʻrib chiqishni tugatish toʻgʻrisida ushbu Qonun 42-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga koʻra qaror qabul qiladi.