Sudlarga tushuntirilsinki, badanga shikast yetkazish deganda, inson organlari yoki organizmi toʻqimalari anatomik toʻkisligi yoki ular fiziologik funksiyasining tashqi taʼsir oqibatida buzilishi tushunilmogʻi lozim. Badanga yetkazilgan shikastning xususiyati va ogʻirlik darajasini aniqlash, odatda, tibbiyot organlari vakolatiga taalluqli boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining 2012-yil 1-iyundagi 153-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan tan jarohatlarining ogʻirlik darajasini sud-tibbiy aniqlash qoidalariga muvofiq oʻtkaziladi. Shu sababli, badanga shikast yetkazilgan har bir holda JPK 173-moddasi birinchi qismining 1-bandi talabiga koʻra sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlanishi va oʻtkazilishi shart boʻlib, uning xulosasi sud tomonidan qayd etilgan Qoidalar va ishning boshqa materiallari asosida (JPK 187-moddasi ) baholanishi lozim. 1¹. Sudlar, badanga shikast yetkazish jinoyatlaridan oilaviy (maishiy) zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatlarni farqlashi lozim. Oilaviy (maishiy) zoʻravonlik deganda, oila aʼzosining boshqa oila aʼzosiga nisbatan uning huquqlarini, erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini buzadigan, jismoniy va (yoki) ruhiy azob uqubatlarga olib keladigan, uning huquqlarini cheklaydigan, badanga shikast yetkazilishiga sabab boʻladigan qasddan sodir etiladigan jismoniy, ruhiy, iqtisodiy yoki jinsiy xarakterdagi xatti-harakatni sodir etilishi tushunilishi lozim. Oilaviy (maishiy) jismoniy zoʻravonlik deganda, kundalik birgalikdagi hayot (turmush)da oilaning bir yoki bir guruh aʼzolari tomonidan boshqa bir aʼzosining sogʻligʻi yoki jismoniy daxlsizligiga tajovuz qiladigan gʻayriqonuniy harakatlar tushunilishi lozim. Oilaviy (maishiy) ruhiy zoʻravonlik deganda, kundalik birgalikdagi hayot (turmush)da oilaning bir yoki bir guruh aʼzolari tomonidan boshqa bir aʼzosining shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni shaxsiy, mulkiy huquqlarini amalga oshirishni cheklash, taʼlim olish, sogʻliqni saqlash, mehnatga oid huquqini amalga oshirishga toʻsqi