Badanga qasddan shikast yetkazishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 18-band. Qasddan badanga ikki va undan ortiq marta, uni sodir etishga yagona qasd mavjud boʻlmagan…

Qasddan badanga ikki va undan ortiq marta, uni sodir etishga yagona qasd mavjud boʻlmagan holda va odatda turli vaqtda ogʻir, oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish, tegishlicha, JK 104-moddasi uchinchi qismining “b” bandi , 105-moddasi ikkinchi qismining “k” bandi , 126¹-moddasi beshinchi qismining “j” bandi , 126¹-moddasi sakkizinchi qismining “b” bandi bilan takroriylik belgisi boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi. Qasddan badanga yetkazilgan ogʻir, oʻrtacha ogʻir shikastni, tegishlicha, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan deb kvalifikatsiya qilish uchun aybdor jinoyatning ijrochisi yoki boshqa turdagi ishtirokchisi ekanligi ahamiyat kasb etmaydi. Ayni paytda, sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, aybdor tomonidan muqaddam boshqa jinoyat sodir etilgan boʻlib, uning tarkibiy qismini qasddan ogʻir, oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish tashkil etilganligi (masalan, shaxs muqaddam bosqinchilik, terrorizm, bezorilik, harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻzaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish va h.k. jinoyatlarni sodir etgan boʻlsa) qilmishni JK 104-moddasi uchinchi qismining “b” bandi , 105-moddasi ikkinchi qismining “k” bandi , 126¹-moddasi beshinchi qismining “j” bandi , 126¹-moddasi sakkizinchi qismining “b” bandi bilan takroriylik belgisi boʻyicha kvalifikatsiya qilish uchun asos boʻlmaydi. Ishtirokchilikda badanga qasddan ogʻir, oʻrtacha ogʻir shikast yetkazilganda, takroriylik sifatidagi kvalifikatsiya belgisi, faqat, ushbu belgiga loyiq aybdorga nisbatan qoʻllanilib, boshqa ishtirokchilarga nisbatan qoʻllanilishi istisno etiladi.