Badanga qasddan shikast yetkazishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 3-band. Jinoyat kodeksi 104—110-moddalari boʻyicha javobgarlik aybdorda mazkur moddalar…

Jinoyat kodeksi 104—110-moddalari boʻyicha javobgarlik aybdorda mazkur moddalar dispozitsiyasida koʻrsatilgan shikastni boshqa bir odamga huquqqa xilof ravishda yetkazishga nisbatan qasd (toʻgʻri yoki egri) mavjud boʻlgandagina kelib chiqadi. Agar aybdor oʻz harakati yoki harakatsizligining ijtimoiy xavfli ekanligini anglasa, jabrlanuvchi badaniga muayyan darajada shikast yetkazishi mumkinligiga koʻzi yetsa va shuni xohlasa yoinki xohlamasada, bunga ongli ravishda yoʻl qoʻysa yoki oʻz qilmishidan kelib chiqadigan oqibatlarga befarq qarasa, barcha qilmish aslida kelib chiqqan oqibatlar boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi. 3¹. Badanga qasddan shikast yetkazish xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan yetkazilgan boʻlsa, qilmish JKning 126¹-moddasi tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Bunda: er-xotin — nikohi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida roʻyxatga olingan shaxslar; sobiq er-xotin — nikohi qonunda belgilangan tartibda tugatilgan yoki haqiqiy emas deb topilgan shaxslar; bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxslar — muayyan xonadon yoki uyda er-xotinlik munosabatlarida yashovchi, umumiy mol-mulk va pul mablagʻlariga egalik qiluvchi erkak hamda ayol; umumiy farzandga ega boʻlgan shaxslar — oʻzaro munosabatlari natijasida farzandli boʻlgan erkak va ayol tushuniladi.