Jinoyatni oʻz xizmat lavozimidan foydalangan holda sodir etgan shaxs (JK 182-moddasi ikkinchi qismining “g” bandi ) deb, xizmat burchiga koʻra bojxona chegarasi orqali oʻtkazilayotgan tovarlar ustidan bojxona nazoratini (hujjatlar va maʼlumotlarni tekshirish, ogʻzaki soʻrov, bojxona koʻrigi, bojxona identifikatsiyalashi, tovarlar hisobini yuritishni) amalga oshirishga majbur shaxs topilishi lozim. Bunday shaxslar qatoriga, shuningdek bojxona nazoratining muayyan shakllaridan BK 189-moddasiga asosan ozod etilgan va oʻz xizmat lavozimidan tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasi orqali oʻtkazish uchun foydalangan shaxslar ham kiradi. Tovarlarni oʻz xizmat lavozimidan foydalangan holda qonunga xilof ravishda bojxona chegarasi orqali oʻtkazgan shaxslarning harakatlari JK 182-moddasi ikkinchi qismining “g” bandi boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi va Jinoyat kodeksining hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish (JK 192¹¹ , 205-moddalari ), hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (JK 206-moddasi ) jinoyatlari uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi JK moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi. Tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasi orqali oʻtkazishda oʻz xizmat lavozimidan foydalangan shaxs (jinoyat tashkilotchisi, dalolatchisi, yordamchisi)ning harakatlari JK 28-moddasi va JK 182-moddasi ikkinchi qismining “g” bandi boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi, uyushgan guruh aʼzolarining harakatlari bundan mustasno.