Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 246-moddasiga muvofiq, bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib yoxud bojxona hujjatlari yoki vositalariga oʻxshatib yasalgan hujjatlardan aldash yoʻli bilan foydalanib, deklaratsiyasiz yoki boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib, kuchli taʼsir qiluvchi, zaharli, zaharlovchi, portlovchi moddalarni, radioaktiv materiallarni, portlatish qurilmalarini, qurol-yarogʻni, oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni yoki oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, shuningdek giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlikni targʻib qiluvchi materiallarni, yadroviy, kimyoviy, biologik va ommaviy qirgʻin qurolining boshqa turlarini, shunday qurollarni yaratishda foydalanilishi mumkinligi ayon boʻlgan material va moslamalarni, radioaktiv materiallarni (bundan buyon matnda kontrabanda ashyolari deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan oʻtkazish boshqa jinoyatni, yaʼni kontrabanda jinoyatining tarkibini tashkil etadi. Bojxona chegarasi orqali JK 246-moddasining birinchi qismida qayd etilgan kontrabanda ashyolarini oʻtkazishda ifodalangan harakatlarni kvalifikatsiya qilishda kontrabanda predmetlari miqdori huquqiy ahamiyat kasb etmaydi. Agar shaxs JK 182-moddasi taʼsiriga tushuvchi tovarlarni bojxona chegarasi orqali oʻtkazish bilan bir qatorda kontrabanda jinoyatini sodir etsa, uning harakatlari JK 182 va 246-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinadi. Agarda shaxs kontrabanda jinoyati bilan birga kontrabanda predmetining noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq boshqa jinoyatlarni ham sodir etsa, (JKning 247, 248, 273-moddalari va boshqalar), uning harakatlari jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.