Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 81-moddasiga muvofiq, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani bolalarini taʼminlash majburiyatidan ozod qilmaydi. Shu sababli sud javobgarni ota-onalik huquqidan mahrum qilishda, FPK 251 va 254-moddalarining qoidalariga asoslanib, undan aliment undirish toʻgʻrisidagi masalani, bunday daʼvo qoʻzgʻatilgan-qoʻzgʻatilmaganligidan qatʼi nazar, birgalikda hal etishi shart. Ota yoki onadan biri ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda va bolalar ulardan ikkinchisining, vasiyning yoki homiyning tarbiyasiga berilganda alimentlar shu shaxslarning foydasiga undiriladi. Voyaga yetmagan bola ota-ona qaramogʻidan olingan va bolalar tarbiya muassasasiga joylashtirilganda, Oila kodeksining 107-moddasiga muvofiq ota va onaning har biridan bolaning foydasiga aliment undirilib, bola nomiga ochilgan bank hisobvaragʻida jamlanadi va u voyaga yetganda toʻlanadi. Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota yoki onadan aliment, qoidaga koʻra, daʼvo qoʻzgʻatilgan vaqtdan boshlab undirilishi lozim. Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslardan aliment undirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorini ijro etish jarayonida vujudga keladigan, jumladan, muayyan aliment undiruvchini koʻrsatish haqidagi, agar bola ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori chiqqanidan soʻng to uni olib qoʻyilgunga qadar shu ota yoki onasi bilan yashab kelayotgan boʻlsa, undirish muddati toʻgʻrisidagi masalalar FPK 454-moddasida nazarda tutilgan tartibda hal etilishi kerak.