Oila kodeksining 73-moddasiga muvofiq ota-onalar boshqa shaxslar oldida bolalarini shaxsan tarbiya qilishda ustun huquqqa egadirlar va bolalarini qonunga asoslanmagan holda ushlab turgan har qanday shaxsdan qaytarilishini talab qilishga haqlidirlar. Bu talabni koʻrishda sud bolani ota-onasiga qaytarish uning manfaatlariga zid degan xulosaga kelsa, bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-onaning daʼvosini rad qilishga haqli. Shuningdek, sud ota yoki onaning bolasining tegishlicha tarbiyasini taʼminlay olish imkoniyatlarini, ota yoki onaning bolasi bilan oʻzaro munosabatlari xususiyatlarini, bolaning oʻz ixtiyorida boʻlgan shaxslarga qanchalik koʻngil qoʻyganligini va boshqa muayyan holatlarni eʼtiborga oladi. Agar ota-onaning ham, bola ixtiyorlarida boʻlgan shaxslarning ham uni tegishlicha tarbiyalashni taʼminlay olmasliklari aniqlansa, sud vasiylik va homiylik organlarining yoki prokurorning daʼvosiga asosan bolani vasiylik va homiylik organlarining qaramogʻiga olib beradi. Bunday talab qoʻyilmagan boʻlsa, sud oʻzining xususiy ajrimi bilan bu organlarning eʼtiborini shunday daʼvo qoʻzgʻatish zarurligiga qaratadi.