Oila kodeksining 80-moddasiga muvofiq ota-onalik huquqidan mahrum qilish sud tartibida amalga oshiriladi. Ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi ishlar ota (ona)ning (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning), prokurorning, shuningdek voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish majburiyati yuklatilgan organ yoki muassasalarning (vasiylik va homiylik organi, bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar muassasalari hamda boshqa muassasalarning) daʼvosiga binoan koʻriladi. Arizalarni qabul qilishda sudlar bunday ishlar boʻyicha faqat qonunda koʻrsatilgan shaxslargina daʼvogar boʻlishi mumkinligini eʼtiborga olishlari lozim. Davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 52-moddasiga muvofiq, agar ularga amaldagi qonun hujjatlari bilan voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish majburiyati yuklatilgan boʻlsa, bunday ishlar boʻyicha daʼvogar boʻlishlari mumkin (vasiylik va homiylik organlari, chaqaloqlar uylari, bolalar uylari va h.k.) Tuman, shahar, viloyat hokimiyatlari qoshidagi bolalar masalalari boʻyicha komissiyalarga, respublikada amalda boʻlgan ushbu komissiyalar toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan tartibda, ota-onalik huquqidan mahrum etish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilish huquqi berilgan. Komissiyaning taqdimnomasi, daʼvo arizasi tariqasida, daʼvo ishlarini yuritish tartiblarida koʻrilishini nazarda tutmoq lozim.